Umumiy hashar

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi "Respublikada ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-46 son farmoni hamda joriy yilning 2-fevraldagi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, "Yashil makon" umummilliy loyihasini amalga oshirish bo'yicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig'ilishidagi topshiriqlari ijrosini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olinib, korxonamizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Qish faslining so'nggi kunlarida "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ hududida va uning atrofida obodonlashtirish kuni o'tkazildi. Korxona tashkil etilgan yillardan buyon bahor arafasida, hududni obodonlashtirish maqsadida bunday tadbirlar o'tkazish yaxshi an'anaga aylangan. Ushbu tartib va tozalik bayramida korxonaning barcha xodimlari va rahbariyati ishtirok etishdi.

"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida korxonada 3 gektar maydonga 10 minga yaqin mevali, manzarali daraxtlar va buta ko'chatlari o'tqazildi.

Ekish jarayonida yerni tayyorlashga alohida e'tibor berildi. Ekishdan oldin butun maydon yaxshilab toshlardan tozalandi va yer mineral ozuqalar bilan boyitildi. Ko'chatlarni parvarish qilish uchun tomchilatib sug'orish texnologiyasidan foydalanish ishlari amalga oshirilmoqda. Zavodimizda har xil turdagi manzarali, mevali daraxtlar va butalar ekilib parvarishlanmoqda. Tez orada hududimizdagi yashil maydonlar barchaning ko'zini quvontiradi.

"Birinchi rezinotexnika zavodi" jamoasi zavodimizning keng hududida, barcha tarkibiy bo'linmalarida, barpo etilgan bog'lar, sexlar va uchastkalarda obodonlashtirish tadbirlari o'tkazildi. Hashar, eng avvalo, ozodalik, tartib va ko'tarinki kayfiyat bayramidir. Ochiq havoda ishlash juda ko'p quvonch va zavq keltirdi. Ushbu tadbir qiziqarli va samarali o'tdi.

- 26 fevral kuni bizga omad kulib boqdi - ob-havo qulay edi. O'z hududimizda hamda unga tutash hududlarda tozalik, obodonlashtirish ishlariga birgalikda chiqdik. Qo'llarimizga qo'lqop kiyib, supurgi, axlat qoplarini va ishchi qurollarini oldik - kimdir cho'tka va bo'yoqlarni oldi. Yaxshi ishtiyoq bilan, quvnoq va do'stona ruhda ishlarimizni boshladik.

Hashar natijasida maysazorlar qurigan o'tlardan tozalandi, hudud toza supurildi, daraxtlar oqlandi, shunda hamma narsa bahor quyoshida charaqlab turardi.

Tozalashdan so'ng, biroz charchagan, ammo quvnoq, biz bayramona tushlikga bordik. Zavod oshxonasi oshpazlari ishchilar uchun mazali palov tayyorladilar.

Mehnatimiz natijasini ko'rish - toza va go'zal bo'lib borayotgan hududga qarash insonni g'ururlantiradi! Fevral oyidagi hashar yana bir bor jamoa ahilligini ko'rsatdi, chunki birgalikdagi sa'y-harakatlar bilangina ko'zlangan natijaga erishish mumkin. Bajarilgan ishlar uchun barchaga minnatdorchilik bildiramiz!

 

"Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ matbuot xizmati

Bo'sh ish o'rinlari
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech