Tatariston Respublikasi delegatsiyasi "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJda
8 iyun kuni Tatariston Respublikasi kimyo sanoati korxonalari kasaba uyushma qo'mitalari raislaridan iborat guruh "Birinchi rezinotexnika zavodi" mas'uliyati cheklangan jamiyatiga xizmat safari bilan keldi. 8 nafardan iborat delegatsiya bundan oldin "O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati korxonalariga, xususan, "Navoiyazot", "Maksam Chirchiq", "Dehqonobod kaliy zavodi" va boshqa korxonalarga hamkasblar ishini o'rganish, tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdi.
Tataristondan kelgan delegatsiya tarkibiga kasaba uyushmasi respublika qo'mitasi raisi – A.L.Ilin (Reskom), bosh hisobchi – L.G.Gilazetdinova (Reskom), kasaba uyushma qo'mitalari raislari – О.P.Shumkov (Pao "Nijnekamskneftexim"), S.Yu.Kuzyagina (PAO "Kazanorgsintez"), R.A. SABIRZYANOV (AO "ammoniy"), L.R.Gataullina (AO "Tatximfarmpreparati"), N.K.Efimova (AO "Kvart"), kadrlar bo'limi boshlig'i R.R.Gilfanova (AO "Ammoniy") hamda O'zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba ushmasi Respublika Kengashi raisi M.X.Xalilova, Kengash rais o'rinbosari S.S.To'xtayevlar tashrif buyurdilar.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda Tatariston Respublikasidan kelgan mehmonlarni bosh direktor G'.I.Ibragimov, kasaba uyushma qo'mitasi raisi D.A.Alimovlar kutib oldi. Mehmonlarga zavod bo'ylab ekskursiya, davra suhbatlari o'tkazildi.
Bosh direktorning sanoat kooperatsiyasini mahalliylashtirish va kengaytirish bo'yicha o'rinbosari Sh.S.Aminov mehmonlarni zavod faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Barcha asosiy ishlab chiqarish sexlari va uchastkalariga, tayyor mahsulotlar omboriga, sifat nazorati bo'limi va korxonada O'zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba ushmasi Respublika Kengashi hamkorligida tashkil etilgan "Textile BRZ" MCHJ ga tashrif buyurildi. Davra suhbati doirasida mehmonlar kasaba uyushma tashkiloti faoliyati, ishchi-xizmatchilarning mehnat sharoiti, ishlab chiqarish hayoti, zavod jamoa shartnomasining ayrim bo'limlari, sport-sog'lomlashtirish va madaniy-gumanitar tadbirlarni tashkil etish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Korxona ishchi-xodimlari bo'sh vaqtlarini o'tkazish, ma'naviyat-ma'rifat va yoshlar harakati sohasidagi faoliyati o'rganildi. "BRZ" MCHJ mutaxassislari tomonidan sohalar bo'yicha barcha qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Kasaba uyushmalari yetakchilari ham o'z tajribalari, fikr va taassurotlari bilan o'rtoqlashdilar. Mehmonlar korxonadagi ishlab chiqarish madaniyatining yuqori darajasi va uzoq muddatli rivojlanish loyihalarini yuqori baholadilar.
Korxonaning eng yangi jihozlari, yosh jamoa, sexlar tozaligi, hududning obodonlashtirish ishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
– O'zbekiston kimyo sanoati xodimlari kasaba uyushmalari qanday ishlayotgani bizni juda qiziqtirdi. Zero, tashkilotlarimiz tuzilmalari, ishlab chiqarishning o'ziga xos xususiyatlari bir-biriga juda o'xshash. O'zbek xalqining mehmondo'stligi, do'stlik va do'stona munosabatini qalbimda katta hayajon bilan alohida ta'kidlamoqchiman. Har bir korxonada bizni juda iliq va samimiy kutib olishdi. Bunday uchrashuvlar, o'zaro tajriba almashish barchamiz uchun zarur va juda foydali, – deydi "Kazanorgsintez" AJ kasaba uyushma qo'mitasi raisi Svetlana Kuzyagina.
Uchrashuv yakunida ishtirokchi korxonalar o'rtasida ikki tomonlama va sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo'yicha kelishuvga erishildi.