“Sadoqat timsoli, vafo timsoli”
Bugun 1-mart – Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun munosabati bilan joylarda turli maʻnaviy-maʻrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Shunday tadbirlardan biri “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XKda Jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.
Zulfiyaxonim munis va mehnatkash, sabr-toqat va shukronalik bilan yashagan oʻzbek ayoli, oʻzbek shoirasining timsolidir. Adabiy-badiiy kechada korxonaning barcha sex va boʻlimlaridan ishchi-xodimlar va masʻullar ishtirok etishdi. Unda bosh direktorning davlat tili va maʻnaviyat-maʻrifat masalalari boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Mamatov soʻzga chiqib, shoira hayoti va ijodi haqida ishtirokchilarga maʻlumot berib oʻtdi.
- Shoira Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-mart sanasida Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Sheʻriyatdagi qizgʻin ijodi, jurnalistik va tarjimonlik faoliyati bilan nafaqat oʻzbek xalqi, balki xorijlik muxlislar qalbidan ham joy egallagan.
Zulfiya – oʻzbek ayolining sadoqati timsoliga aylangan. 1935-yilda shoir Hamid Olimjon bilan oila qurgan shoira oradan 9 yil oʻtib turmush oʻrtogʻining fojiali oʻlimidan keyin 2 nafar farzandi bilan yolgʻiz qolgan. Ammo, tushkunlik uni ijoddan toʻxtata olmagan. Zabardast ijodkor oʻrta osiyolik eng mashhur shoiralardan biri hisoblanadi.
Zulfiyaxonim Javoharlaʻl Neru nomidagi va “Nilufar” xalqaro mukofotiga sazovor boʻlgan, “Oʻzbekiston qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, isteʻdodli qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʻsis etilgan.
Shuningdek, maʻnaviy-maʻrifiy kechada shoira ijodidan eng sara namunalar oʻqildi. Xotin-qizlar orasida mushoira tashkil etildi. Faol ishtirokchilar taqdirlandilar.