Kimyo sanoati uchun HR menejmenti bo'yicha eng ilg’or amaliyotlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4939-son Qarori bandlari ijrosini ta’minlash doirasida joriy yilning may oyida “O‘zkimyosanoat” AJ tarkibidagi kadrlar xizmati, kadrlar tayyorlash bo’yicha o’quv markazlari, malakalarni baholash markazlari xodimlari uchun xodimlarni moslashtirish va o‘qitish, korporativ madaniyatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
Tadbir "Navoiyazot" AJ negizida korxona ma'muriyati va kasaba uyushmasi qo'mitasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Seminarda “Person Hunters” kompaniyasining assessment rahbari Xilola Rahimberdiyeva va HR-menejer Otabek Boltayev trenerlar sifatida qatnashdilar. Moderatorlar ishtirokchilar bilan xodimlarni moslashtirish sohasidagi muvaffaqiyatli tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar, jamoani boshqarishning zamonaviy tendensiyalari va HR boshqaruv uslublari haqida so’zlab berishdi.
Tashkil etilgan tadbirda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ Xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Doniyor Ahmedov, Malakani baholash markazi (MBM) boshlig‘i Shavkat Fayziyev va MBM yetakchi mutaxassisi Rustam Burliyev ham ishtirok etdilar.
Yakuniy test sinovlarida “BRZ” MChJ MBM yetakchi mutaxassisi R.Burliyev eng yuqori ball to‘plab, barcha trening ishtirokchilari orasida faxrli 1-o‘rinni egalladi, “O‘zkimyosanoat” AJ va “Navoiyazot” AJ tomonidan qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Person Hunters” kompaniyasining assessmenti X.Rahimberdiyeva «BRZ» MChJ MBM xodimlarining boshqaruv uslubini aniqlashda zamonaviy tendensiyalarni amaliyotga joriy etishini yuqori darajada baholadi, bu esa barcha ishtirokchilar orasida eng yuqori ko’rsatkichlarga erishganligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Seminarning mazmunli dasturi doirasida “Navoiyazot” zavodiga tanishuv tashrifi, Navoiy viloyatining diqqatga sazovor joylari: “Nurota” ziyoratgohi va “Sarmishsoy” - tabiat va arxeologik yodgorlik majmuasiga safarlar uyushtirildi.