Munosiblar eʼtirof etildi
Angren shahar hokimligida Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida shahar maʻnaviyat va maʻrifat Kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda shahar hokimi Alisher Rayimov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi AOKA Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Zarifa Eraliyeva, sektorlar rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, Jinoyat ishlari boʻyicha shahar sudi raisi, “Angren” universiteti rektori, taʻlim muassasalari rahbarlarining maʻnaviy va maʻrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida shahar hokimligi tomonidan korxona, tashkilot va muassasalar oʻrtasida eʻlon qilingan “Eng namunali maʻnaviyat xonasi” nominatsiyasi boʻyicha oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari ham eʻtirof etildi. Unda 21 ta korxona, tashkilot va muassasa shahar hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Oʻrganishlar va hakamlar hayʼatining yakuniy xulosasiga koʻra hamda korxonada maʼnaviy-maʼrifiy sohada olib borilgan izchil ishlar samaradorligi alohida eʼtirof etilgan holda, 1-oʻrinni “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK egalladi. Namunali ish faoliyatini olib borayotgan Davlat tili va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha bosh direktor maslahatchisi Baxtiyor Mamatov tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.