7-aprel – Butunjahon salomatlik kuni
Butunjahon salomatlik kuni – sayyoramizning har bir aholisi eʼtiborini sogʻliqni saqlash uchun birgalikda harakat qilishga, salomatlik, farovonlik bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan kundir.
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XKda jamoat tashkilotlari hamkorligida butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan ishchi-xodimlar ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda Davlat tili va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha bosh direktor maslahatchisi Baxtiyor Mamatov hamda Bosh hamshira Oydinnisa Bazaraliyeva oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
-Salomatlik kunini nishonlash 1950-yildan anʼanaga aylangan. “Jahon sogʻliqni saqlash kuni” aholiga salomatlik inson hayotida juda muhimligini anglatish maqsadida koʻplab targʻibot dasturlari ishlab chiqiladi. Tadbirlar “Faollik – uzoq umr koʻrish yoʻli”, “Urbanizatsiya va salomatlik” kabi ayni yoʻnalishdagi global muammolarga bagʻishlangan turli shiorlar ostida oʻtadi, -deydi Baxtiyor Mamatov. – Maʼlumki, yer kurrasida 90 foizdan ziyod aholi qazib olinadigan yonilgʻi moddalari yonishi natijasida hosil boʻladigan nosogʻlom havodan nafas oladi. Global harorat oshishi bilan chivin orqali yuqadigan kasalliklar tezroq va koʻproq tarqaladi. Jahon salomatlik kuni barcha mamlaktalar uchun sogʻliqni saqlash sohasidagi eng muhim muammolarni hal qilish uchun birgalikda harakat qilish imkonini yaratadi.
Davra suhbatida bosh hamshira ham salomatlikni asrash, sogʻlom turmush tarziga qatʼiy rioya etish boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.
-Inson salomatligini asrash va mustahkamlash, qolaversa, uzoq umr koʻrishning garovi sogʻlom turmush tarzi ekanligi bugun barchaga ayon haqiqat. Zero, har birimiz, eng avvalo, oʻz sogʻligʻimizni oʻylashimiz darkor. Ana shunda xotirjam va farovon hayot kechirgan, koʻplab asoratli xastaliklarning oldini olgan boʻlamiz, - deydi Oydinnisa Bazaraliyeva. - Yuqumli boʻlmagan kasalliklar butun dunyoda oʻlim holatlarining asosiy sababchisi hisoblanadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, 2016-yilda dunyo boʻyicha 40 million oʻlim holati yuqumli boʻlmagan kasalliklar tufayli yuz bergan boʻlib, bu barcha oʻlimning 70 foizini tashkil etadi. Oʻlim holatlarining anchagina qismi (dunyo boʻyicha barcha oʻlimning 27 foizi, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning esa 38 foizi) barvaqt, yaʼni 30 yoshdan 70 yoshgacha roʻy bergan. Achinarlisi, kelgusida dunyoda bu kasalliklardan vafot etganlar sonining yanada koʻpayishi kutilmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, sogʻlom turmush tarziga rioya etilsa, 80 foiz yurak-qon tomir, qandli diabetning 2 turi va 40 foiz oʻsma kasalliklarining oldini olish mumkin ekan.
Shuningdek, davra suhbati davomida ishchi-xodimlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.