Yilning eng faol yosh kimyogari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovi o‘tkazilmoqda. Ayni kunlarda tashkil etilgan mazkur tanlovning Respublika tarmoq bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, yosh mutaxassislarning innovatsion g‘oya, loyiha va texnologiyalarini hayotga tadbiq etish orqali yoshlar bandligini taʼminlash, ularning huquqiy madaniyati va faolligini oshirish, shuningdek, iqtidorli yoshlarni munosib rag‘batlantirish, yigit-qizlarda Ona Vatanga muhabbat va mamlakatda ro‘y berayotgan voqealarga dahldorlik hissini oshirishdir.
Bugun “O‘zkimyosanoat” AJ hamda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bilan hamkorlikda “Ammofos-Maksam” AJda “Yilning eng faol yosh kimyogari” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Respublika tarmoq bosqichi ”Ammofos-Maksam” AJ korxonasining “Kimyogar” madaniyat va sport markazida o‘tkazildi. Unda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan va tanlovning dastlabki bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, ilg‘or innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan 8 nafar yosh kimyogar bellashdi.
Hakamlar hayʼati qaroriga muvofiq, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK Innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xom-ashyo materiallarni mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Bozorov Axror Turayevich –“Yilning eng faol yosh kimyogari” deb topilib 1-o‘rinni egaladi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent kimyo-texnologiya instituti dotsenti Shodiyaxon Azimova, uchinchi o‘rinni esa “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ xodimi Jonibek Akbarov egalladi.
G‘olib va ishtirokchilar tashkilotchilarning diplom, maxsus statuetka va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.