Yil yakunida munosiblar taqdirlanishdi
O‘tib borayotgan 2022 yil ”Birinchi rezinotexnika zavodi“ MChJ ish faoliyatida samarali va barakali yil bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yil ishlab chiqarish, sotuv va eksport bo‘yicha yuqori marralarni zabt etganimiz ayni haqiqat.
Korxona rahbariyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan taqdirlash marosimida erishilgan yutuqlar va natijalar xususida so‘z bordi.
Korxona bosh direktori G‘ulomjon Ibragimov barcha ishchi-xodimlarni kirib kelayotgan yangi 2023-yil ”Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili“ bilan tabrikladi va ezgu tilaklarini bildirib o‘tdi.
Tadbirning asosiy qismida korxonaning ishlab chiqarishida, eksport salohiyatini yuksaltirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan bir guruh ishchi-xodimlar, bo‘lim va sex boshliqlari turli nominatsiyalar bo‘yicha, ”Eng mazmunli devoriy gazeta“ hamda ”Osh tanlov“lari g‘olib jamoalari qimmatbaho estalik sovg‘alari va qishki shinalar jamlanmalari bilan taqdirlanishdi.
Shuningdek, tadbir davomida korxonada mehnat faoliyatini olib borayotgan 34 nafar ishchi-xodimlarga yangi yil dasturxoni uchun oziq-ovqat jamlanmalari topshirildi.
Tashkil etilgan bayram tadbiri tom ma’noda yil davomida sidqidildan, halol mehnat qilgan ishchi-xodimlar e’tirof etilgan, munosiblar taqdirlangan sarhisob tadbiri bo‘ldi.
Korxona rahbariyati tomonidan bildirilgan ishonch va minnatdorlik so‘zlari va bayram tabrigi xodimlarning bayramona kayfiyatiga ko‘tarinkilik baxsh etdi.