"Yashil makon" umummilliy dasturi amalda

    Muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrda qabul qilingan "Respublikada ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari" to'g'risidagi farmoniga ko'ra, aholi va jamoat ishxonalari punktlarini ko'kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish, "Yashil makon" umummilliy dasturi borasida tizimli choralar ko'rish nazarda tutilgan.

    Dastur doirasida "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJda ham bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, korxona hududida 6,8 ming dona daraxt ko'chatlari o'tkazilgan. Ulardan 2,2 minggini manzarali va 4,6 ming donasini mevali daraxtlar tashkil etadi.

    Shu kunga qadar korxona hududida jadal obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. May-iyun oylari davomida daraxtlar tagiga 4 mingga yaqin pomidor, bulg'or qalampiri, baqlajon, oshqovoq va garmdori ko'chatlari o'tkazildi. Sabzavotlar yetilib pishgach, ishchi-xodimlarning taomlariga ishlatish maqsadida korxona oshxonasiga topshiriladi.

    Daraxtlarning doimiy yashilligini saqlash, suvni tejash maqsadida tomchilab sugorish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada atrof go'zalligi, ko'chatlar va ekinlar yashilligi ta'minlanmoqda.

    Bir so'z bilan aytganda, bugungi "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJning qiyofasi tubdan o'zgargan. "Yashil makon" umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilgan va kelgusida qilinishi kerak bo'lgan ishlar, vazifalar talaygina. Barcha sa'y-harakatlar zamirida korxona ishchi-xodimlariga zarur shart-sharoit hamda qulay ekologik muhit yaratish maqsadi yotadi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech