"Yangi O'zbekiston strategiyasi" – kelgusi 5 yillikning taraqqiyot strategiyasi demakdir
Mamlakatimizda keyingi besh yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma'rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan yangi O'zbekistonning 2022-2026-yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasi xalqimizni ma'nan birlashtirishga qaratilgan.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda Prezidentimizning "Yangi O'zbekiston strategiyasi" nomli audiolashtirilgan to'plamining taqdimoti o'tkazildi.
Unda Bosh direktorning Davlat tili va ma'naviy-ma'rifiy ishlar masalalari bo'yicha maslahatchisi Baxtiyor Mamatov ushbu kitob mazmun-mohiyati haqida xodimlarga batafsil ma'lumot berdi. Mazkur loyihada QR-kod texnologiyasi asosida kitobning to'liq audio varianti joy olgan. U orqali yangi O'zbekistonning zamonaviy demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani, mamlakatimizni yangi rivojlanish bosqichiga ko'tarish uchun belgilab olgan strategik yo'l to'g'risida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
"Yangi O'zbekiston strategiyasi" kitobida ta'kidlanganidek, "Jonajon O'zbekistonimiz rivojlanishning yangi davriga qadam qo'ydi. Erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi hayotiy zaruratlar va ularni amalga oshirish bo'yicha ulkan vazifa va imkoniyatlar paydo bo'lmoqda. Hayot oldimizga yana ko'plab sinov va muammolarni qo'yishi va biz har qanday holatga tayyor turishimiz kerak. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo'lmasin, demokratik islohotlar yo'lidan hech qachon qaytmaymiz".
Shuningdek, taqdimot davomida kitobdan o'rin olgan inson qadrini yuksaltirish va xalqparvar davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yurgizish, umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish, ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash hamda mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish kabi 7 ta ustuvor yo'nalishlar xususida alohida to'xtalib o'tildi.