Ulkan maqsadlar sari dadil qadam
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 6-iyulda "O'zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'rsida"gi qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat innovatsion rivojlanish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining sa'y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan strategik hujjat sanaladi. Unga ko'ra, mamlakatimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish, qolaversa, 2026-yilga kelib mamlakatimiz Global innovasion indeksi reytingi bo'yicha jahonning 56 ta ilg'or mamlakati qatoriga kirishiga erishish masalalariga e'tibor qaratiladi.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ, Toshkent kimyo texnologiya ilmiy tadqiqot instituti va Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining birgalikda hamkorlik qilish bo'yicha tashkil etilgan uchrashuvda qarorda nazarda tutilgan masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ bosh direktori G'ulomjon Ibragimov so'zga chiqib, qabul qilingan qaror ijrosini o'z vaqtida va sifatli ta'minlash maqsadida nazarda tutilgan loyihalarni belgilangan muddatda bajarish bo'yicha aniq va maqsadli rejalar ishlab chiqish kerakligi haqida ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida maqsadli rejalar va loyihalarni amalga oshirish uchun "Yo'l xaritasi" ishlab chiqish hamda hamkorlik masalalari bo'yicha bir qator fikr-mulohazalar tinglandi.
Tadbir so'nggida tomonlarning o'zaro kelishuviga erishildi.