Til – millat ruhi va jamiyat uygʻoqligi koʻzgusidir!

#Qadring baland boʻlsin, ona tilim!

#21 – oktabr Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun


“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarining davlat tili maslahatchilari, xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raislari hamda yoshlar yetakchilari ishtirokida oʻtkazilgan sayyor seminar-treningda sohaga oid maʼruzalar va fikr-mulohazalar tinglandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti masʼul xodimi Faxriddin Hayitov Prezidentimizning “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan maʼlumot berdi.

- Bugungi kunda Respublikamiz miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar, islohotlar negizida davlat tilining nufuzi va ahamiyatini oshirish yuzasidan olib borilayotgan saʼy-harakatlar, davlat tilimizga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik davlat siyosati darajasida koʻrilayotganining oʻziyoq barchamizda faxr-iftixor tuygʻusini alangalatmoqda, - deydi shoir Faxriddin Hayit. – Buning isboti sifatida birgina sizning korxonangizda olib borilgan amaliy ishlar, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda tashkil qilingan tadbirlar tahsinga sazovor. Ishlab chiqarish korxonasida mana shunday ijodiy muhit va jamoaning shakllantirilganligi esa kelgusi ish faoliyatingizda yanada ulkan rivojlanish va yuksalishlarga debocha boʻlishi shubhasiz. Bugungi seminar-treningning “21-oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” bilan hamohang tarzda oʻtkazilayotganligida ham ramziy maʼno bor, aslida. Til – bu milliy gʻururimiz, faxrimizdir. Ona tilimizni sofligicha kelgusi avlodlarga yetkazish – bizning sharafli burchlarimizdan biridir. Shunday ekan, har birimiz tilimizning chinakam maʼnoda, haqiqiy jonkuyarlari boʻlishimiz lozim. Zero, til – millat ruhi va jamiyat uygʻoqligi koʻzgusidir!

Shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha maslahatchisi, markaziy apparat xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raisi Sanobar Abdurahmanova tarmoq korxonalarining davlat tili maslahatchilarining ish faoliyati va olib borilayotgan ishlar samaradorligi hamda sohada mavjud yutuq va kamchiliklar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Seminar-trening doirasida bosh direktorning davlat tili va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Mamatov, xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raisi Muborak Kasimova hamda bosh direktorning yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Firdavs Matasimovlarning yoʻnalishlariga oid hisobot maʼruzalari tinglandi.

Tadbirda tarmoq korxonalarining faol davlat tili maslahatchilari “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar oʻzaro fikr-mulohaza almashdilar, faoliyatlari mobaynida duch kelayotgan muammolar va ularning yechimi xususida savol-javoblar tashkil qilindi.

Darhaqiqat, tashkil etilgan mazkur sayyor seminar-trening barcha tarmoq korxonalarining davlat tili maslahatchilari, xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raislari hamda yoshlar yetakchilarining kelgusi ish faoliyatida yana bir tajriba maydoni, maʼnaviyat gulshani vazifasini oʻtadi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech