“Tartib bor joyda rivojlanish, yuksalish boʻladi...”
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJning ishchi guruhi ishlab chiqarish sexlari va boʻlimlarda boʻlib, targʻibot-tashviqot tadbirini olib borishmoqda. Navbatdagi tadbir Konveyer tasmalar ishlab chiqarish va Sifat nazorati boʻlimining ishchi-xodimlari uchun tashkil etildi.
Ishchi guruh aʼzolari sexlarda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Xodimlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va ushbu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar ijrosining bajarilayotgani yuzasidan oʻrganish ishlarini olib borishdi.
Tadbir davomida ishchi guruh vakillari korxonada mehnat faoliyati davomida ish vaqti va mehnat meʼyorlari boʻyicha talablarning bajarilishi, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va ular faoliyati samaradorligini baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish jarayonida korrupsiyaning oldini olish, mutaxassislar malakasini oshirish, ishchi-xodimlarga munosib ishlash sharoitlarini yaratish kabi masalalarga alohida toʻxtalib oʻtishdi.
-Mehnat intizomiga qatʼiy rioya etish har bir xodim uchun muhim sanaladi. Tartib bor joyda, rivojlanish, yuksalish, baraka boʻladi, - deydi korxona bosh muhandisi Mansur Aralov. - Mehnat intizomi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga, jamoa shartnomasi shartlariga hamda odob-axloq qoidalari va texnologiya intizomini, mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi qoidalari, ishlab chiqarish sanitariyasi boʻyicha talablarga amal qilmaslik kelgusida ishchi-xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasining bekor qilinishiga olib keladi. Shunday ekan, kelgusida ana shunday tushunmovchiliklar yoki tartibsizliklar yuzaga kelmasligi uchun bir-birimizni tushungan holda, kamchilik yoki muammo paydo boʻlsa, oʻz vaqtida murojaat qilishingiz lozim. Asosiysi, birgalikda, bahamjihatlikda har bir muammoli vaziyatga yechim topiladi. Muhimi muammo bartaraf etilmay, “gazak olib ketmasin“.
Shuningdek, tadbir davomida kasaba uyushmasi raisi Diyor Alimov sohaga doir yangiliklar, meʼyoriy hujjatlar, ishchi-xodimlarning haq-huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi. Yoshlar ishlari boʻyicha bosh direktorning maslahatchisi Firdavs Matasimov korxonada yosh ishchi-xodimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar xususida gapirib oʻtdi.
- Biz uchun har bir xotin-qizlarimiz qadrli. Har biringizning ham oilaviy sharoitingizda, ham ish sharoitida tinch-xotirjam, sihat-salomatlikda boʻlishingiz muhim masaladir, - deydi xotin-qizlar boshlangʻich tashkiloti raisi Muborak Kasimova. – Biz imkon qadar ayol xodimlarimiz uchun qulay mehnat sharoitini yoʻlga qoʻyishga, kerak boʻlsa ular bilan individual ravishda shugʻullanib, ular duch kelayotgan muammoli vaziyatlarga barham berishga harakat qilyapmiz. Quvonarlisi, xotin-qizlarimiz bizga ishonch bildirishyapti. Har qanday vaziyatda ham biz doim ularni qoʻllab-quvvatlashimizga umid qilishmoqda. Eng muhimi qanday muammo yoki chigal vaziyatga duch kelsangiz tortinmay bizga murojaat qiling. Murojaatingiz atroflicha oʻrganib chiqiladi. Rahbariyatimiz imkoniyat doirasida doim xotin-qizlarimiz uchun koʻmak berishga tayyor.
Tadbir yakunida ishchi-xodimlar bilan oʻzaro muloqot tashkil etildi. Ularning ish jarayonida duch kelayotgan kamchilik va muammolari, talab va takliflari tinglandi. Masʼullar ushbu mulohazalarga oʻz munosabatini bildirib, ishchi-xodimlarning talab va takliflari rahbariyat tomonidan koʻrib chiqilishini, muammo va kamchiliklar bartaraf etilishini taʼkidlab oʻtishdi.