Targʻibot tadbirlari davom etmoqda
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda ishchi-xodimlar uchun maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha hamda ishlab chiqarish sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan davra suhbatlarini oʻtkazish davom etmoqda. Navbatdagi ishchi-xodimlar uchun davra suhbati Shinalarning sinov laboratoriyasida tashkil etildi.
Unda korxonaning ichki tartib-qoidalari, mehnat muhofazasi, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish hamda boshqa bir qator masalalar xususida fikr almashildi.
- Mehnat intizomi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga, jamoa shartnomasi shartlariga, mehnatni muhofaza qilish, shuningdek, xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarish sanitariyasi boʻyicha talablar, shunnigdek, har bir xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shartlarini koʻzda tutadigan korxonaning boshqa lokal hujjatlariga rioya qilishni oʻz ichiga oladi, - deydi korxonaning kasaba uyushmasi raisi Diyor Alimov. – Shunday ekan, sizlardan ish faoliyatingiz davomida yuqorida nazarda tutilgan tartib-intizomga qatʼi rioya etishingiz talab qilinadi.
Tadbirda Xodimlar bilan ishlash boʻlimining xodimlarni tayyorlash boʻyicha yetakchi muhandisi Djoʻrayeva Nazira oʻtgan 8 oy mobaynida ishga qabul qilingan, mehnatga layoqatsizlik varaqasini ochdirgan, ish haqi saqlanmagan taʼtil olgan xodimlar hamda xizmat vazifasidan boʻshatilganlar haqida statistik maʼlumot bilan tanishtirdi. Shuningdek, mehnat intizomini qoʻpol ravishda buzganlar uchun qanday jazo turlari qoʻllanilishi boʻyicha yoʻriqnomani ham oʻqib eshittirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish, xodimlar orasida unga nisbatan toqatsizlik prinsipini shakllantirish va uning oqibatlari haqida Komplaens xizmati boshligʻi Doniyor Axmedov maʼlumot berib oʻtdi.
Tadbir yakunida ishchi-xodimlarning talab va takliflari, murojaatlari tinglandi. Masʼullar tomonidan ularga kerakli tavsiyalar berildi.