Ta'limga e'tibor – kelajakka e'tibor demakdir
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda yosh ishchi-xodimlarning kasbiy malakasini oshirish hamda ularning oliy ta'lim muassasalarida tahsil olishlarini ta'minlash uchun bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Korxonada bir necha yildan beri mehnat faoliyatini olib borayotgan, yetarli ish tajribasiga ega bo'lgan, saralashdan o'tgan yosh xodimlardan 26 nafari D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahar filialida tahsil olish istagini bildirishgan. 19-iyul kuni korxona rahbariyati tomonidan ushbu yoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi. Unda kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko'rish, xodimlar uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratish bo'yicha fikr-mulohazalar bildirildi hamda takliflar muhokama qilindi.
- Oliy ta'lim diplomi sizni kelgusida rivojlantiradigan, malaka talablariga ega ekanligingizni isbotlab beradigan hujjat. Shunday ekan, sizlarning oliy ma'lumotli mutaxassis kadr bo'lishingiz biz uchun ham, o'zingiz uchun ham juda muhim, - deydi "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ Bosh direktorining o'rinbosari Shuhrat Aminov. – Biz sizlarning ta'lim olishingiz uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratishga, ko'mak berishga va qo'llab-quvvatlashga doim tayyormiz. Kelgusida oliy ma'lumotli kadr bo'lib, korxonamiz rivoji yo'lida mehnat qilsangiz, kasbiy yuksalsangiz oldimizga qo'ygan maqsadlarimizdan birini bajargan bo'lamiz.
Ochiq muloqot tarzida o'tkazilgan uchrashuvda yoshlar o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Ularning imtihonlarga tayyorgarlik ko'rishlari va tayyorlanishlari uchun malakali o'qituvchilarning sabog'i ta'minlanadigan bo'ldi. Yosh ishchi-xodimlar bunday e'tibor va imkoniyatdan minnatdor ekanligini alohida ta'kidlashdi.
Ma'lumot o'rnida aytish mumkinki, Prezidentimizning 2019-yil 7-iyundagi "Toshkent shahrida D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Federal davlat byudjeti oliy ta'lim muassasasi filialini tashkil etish to'g'risida"gi qaroriga asosan D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahar filiali tashkil etilgan edi. Mazkur ta'lim dargohi 2019/20220-o'quv yilidan ish boshladi. Hozirda kunduzgi (4 yil) va sirtqi (4,6 yil) ta'lim shakli mavjud. Kimyoviy texnologiya, texnosfera xavfsizligi, Materialshunoslik va materiallar texnologiyasi va materiallarga badiiy ishlov berish texnologiyasi kabi yo'nalishlarda mutaxassis va kadrlarni tayyorlaydi. Filial bitiruvchilariga O'zbekiston Respublikasida oliy ta'lim to'g'risidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.