Sportni sev, sport bilan yasha!
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning ikkinchisi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasidagi qobiliyatlarining namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Shu maqsadda "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda jamoat tashkilotlari hamkorligida O'zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 31 yillik bayrami munosabati bilan "Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz" g'oyasi ostida xotin-qizlar o'rtasida "Sportni sev, sport bilan yasha!" shiori bilan quvnoq startlar sport musobaqasi tashkil etildi. Unda korxonaning sex va bo'limlaridan 6 ta jamoa o'zaro bellashishdi.
- Xotin-qizlar o'rtasida sportni yanada rivojlantirish davlatimiz miqyosida amalga oshirilmoqda, - deydi xotin-qizlar boshlang'ich tashkiloti raisi muborak Kasimova. – Jumladan ushbu sport musobaqalarini korxonamiz miqyosida muntazam ravishda o'tkazilishi xotin-qizlarimizning sog'lom turmush tarziga rioya qilishlari, bo'sh vaqtlarini unumli va mazmunli tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishtirokchilar yugurish, arqonda sakrash, halqa ichida yugurish hamda to'p bilan yugurish kabi shartlar asosida qizg'in va murosasiz bahsga kirishishdi. Jamoalar barcha shartlarda munosib ishtirok etishga harakat qilishdi. Yakuniy natijalarga ko'ra, 1-o'rin – Sifat nazorati bo'limi jamoasiga, 2-o'rin – To'qimachilik sexi qizlariga nasib etdi. 3-o'rinni esa ikki jamoa: Fizika va kimyo laboratoriyasi hamda 102 sex qizlari bir xil natija ko'rsatgan holda band qilishdi.
Bir so'z bilan aytganda, tashkil etilgan bu kabi sport musobaqalari ishchi-xodimlarning sportga bo'lgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi.