Sog'lom turmush tarzi – farovon hayot asosi
Prezidentimizning "Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda jamoat tashkilotlari hamda kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda shaxmat bo'yicha sport musobaqasi o'tkazildi. Barcha sex va bo'limlardan 12 nafar ishtirokchi qatnashishdi. Musobaqa tom ma'noda shaxmat bayramiga aylandi.
- O'tkazilayotgan aql charxi musobaqasi ishchi-xodimlarimizda katta qiziqish uyg'otmoqda, - deydi Bosh direktorning davlat tili va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha maslahatchisi Baxtiyor Mamatov. – Bu kabi sport musobaqalari Prezidentimizning qarori ijrosini ta'minlash, qolaversa, shaxmatning ommaviyligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bir-biridan kuchli ishtirokchilarning aql-idrok bahsi yakuniga ko'ra, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xom ashyo materiallarini mahalliylashtirish bo'limi xodimlari Li Sergey 1-o'rinni, Ilhomov Azizjon 2-o'rinni, elektr ta'minoti va kommunal xizmatlar bo'limi xodimi Nosirov Shaybatulhamidxon esa 3 o'rinni egallashdi.
G'olib va sovrindorlar Mustaqillik bayrami tantanasida taqdirlanishadi.