O'zbekistonda 2023-yili aholi ro'yxatdan o'tkaziladi
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi "O'zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro'yxatga olishga tayyorganrlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 710-sonli qaroriga muvofiq, respublikamizda 2023-yilda aholi ro'yxatdan o'tkaziladi.
Ta'kidlash lozimki, mustaqillik yillarida aholi biror marta bunday hisob-kitob qilinmagan. Shundan kelib chiqib, mamlakatimiz aholi sonini aniq hisoblab chiqish, ularning jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, turmush darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo'yicha yagona ma'lumotlar bazasini yaratish maqsadida Prezidentimiz tomonidan "O'zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro'yxatga olishni o'tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi farmon imzolandi.
Aholini ro'yxatga olish vaqtida qo'lga kiritilajak asosli va ishonchli ma'umotlar respublikadagi ijtimoiy vaziyatga yanada oydinlik kiritishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u nafaqat davlat, balki biznes yuritish uchun ham nihoyatda foydali. Boisi mahalliy va xorijiy kompaniyalarning samarali faoliyatida hududlardagi real holatni bilish, prognoz qilish muhim omillardan sanaladi.
Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan konsepsiyaga asosan, O'zbekistonda 2022-yilda aholini ro'yxatga olish ishlari olib boriladi. Konsepsiya 8 ta bob, 29 ta banddan iborat bo'lib, uning har birida mas'ul tashkilotlarga tegishli vazifalar belgilab qo'yilgan. Aholini ro'yxatga olishni o'tkazish bo'yicha vakolatli organ esa O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi va uning joylardagi bo'limlari hisoblanadi.
Ushbu keng miqyosli amaliyotning yana bir bosh maqsadi mamlakatimizda, umuman, har bir ma'muriy hududda yashovchi shaxslarning turli tavsiflari to'g'risida ishonchli, xolis va yaxlit ma'lumotlarni yagona statistik uslublar asosida yig'ishdan iborat. Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi.
Aholini ro'yxatga olish barobarida, yana bir muhim vazifani bajarish ko'zda tutilgan. Bu hududlarda xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro'yxatini tuzish bilan bog'liq masala. Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmayotgan yoki muddatini o'tagan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob'yektlarini qurish hamda ta'mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo'ladi.
Bu jarayondagi barcha sa'y-harakatlar, xususan, aholini ro'yxatga olish bilan bog'liq tadbirlarning o'z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash, ro'yxatga olishni o'tkazishga vakolatli organlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish, nazorat qilib borish, tadbirlarga jalb qilingan shaxslarga haq to'lashni tashkil etish va boshqa vazifalar komissiya zimmasiga yuklatilgan.
Bundan tashqari, ro'yxatga olish jarayonida to'planadigan statistik ma'lumotlar endilikda yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi. Demak, qog'ozbozlikdan voz kechilib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga katta e'tibor qaratiladi.
Hozirgi paytda dunyoning deyarli barcha davlatlarida aholini ruyxatga olish ishlari olib borilmoqda. Ushbu jarayonni muvaffaqqiyatli va to'laqonli bajarish bilan birgalikda respublikamizning har bir aholi punktlari bo'yicha yagona axborot bazasi yaratiladi.
Ma'lumot uchun, aholini ro'yxatga olish — O'zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o'tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma'lumotlarni yig'ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni hisoblanadi.
Aholini ro'yxatga olishning asosiy maqsadi O'zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo'lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Shuhrat Abdukarimov,
Angren shahar statistika bo'limi boshlig'i