Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda tadbir boʻlib oʻtdi
Konstitutsiya – xalqimizning istiqlolning ilk yillarida erishgan tarixiy yutugʻi. Zotan, aynan bosh Qonunimiz suveren davlatimizning huquqiy negizini shakllantirishning asosiy poydevori, mustaqil davlatchiligimizning tamal toshi boʻldi.
Bu yil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganligining 30 yillik bayrami keng nishonlanmoqda. Xususan, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda ham ushbu sana munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda bosh direktor Gʻulomjon Ibragimov soʻzga chiqib, barcha tadbir ishtirokchilarini Konstitutsiya bayrami kuni munosabati bilan tabrikladi. Jumladan, bosh Qomusimizning fuqarolik jamiyatida tutgan oʻrni, unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar hamda fuqarolarning huquq va majburiyatlari haqida alohida taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, korxonada ishchi-xodimlar uchun davra suhbati tashkil etildi. Unda bosh direktorning davlat tili va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Mamatov Konstitutsiyamiznnig davlatchiligimiz tarixida tutgan oʻrni va ahamiyati haqida maʼruza qildi.
- Yurtimizda huquqiy-demokratik va ochiq fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish, xalqaro maydonda oʻzimizga munosib oʻrin egallashda asosiy Qonunimiz mustahkam oʻrin egallaydi. Konstitutsiya – biz uchun nafaqat muhim hayotiy qoʻllanma, balki gʻurur-iftixor, kerak boʻlsa, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, tili, dinidan qatʼi nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir himoyadir. Shunday ekan, jamiyatimiz hayotining mezoni boʻlgan Konstitutsiyani chuqur va har tomonlama oʻrganishimiz, uning maʼnosiga yetib borib, amaliy hayotimizning doimiy qoʻllanmasiga aylantirishimiz darkor – deydi bosh direktorning davlat tili va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Mamatov.
Shu kunga qadar mamlakatimizdagi tub islohot va oʻzgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga toʻla javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.