“Navroʻz” umumxalq bayrami koʻtarinki kayfiyatda nishonlandi
Shukuhli kunlarda yurtimizda Navroʻz umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Serquyosh diyorimizning barcha joylarida bayram tantanalari boʻlib oʻtmoqda.
Xususan, bugun “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XKda “Xush kelding, Navroʻz!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Erta tongdan korxonaning ishchi-xodimlari bayramona milliy libosda xushkayfiyat bilan tadbir doirasida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Eng chiroyli milliy dasturxon”, “Osh tanlovi” va “Eng mazmunli devoriy gazeta” koʻrik tanloviga tayyorgarlikni boshlashdi. Har bir boʻlim va sexlar uchun maxsus ajratilgan joylarda oʻzlarining bayram dasturxonlari va koʻklam taomlarini namoyish qilishdi. Mazkur bayramona tadbir doirasida pishirilgan sumalak, osh, koʻk somsa, koʻk chuchvara, koʻk manti-xonim, qatlama kabi milliy taomlar bayram dasturxoniga oʻzgacha koʻrk bagʻishladi. Isteʼdodli ishchi-xodimlar tomonidan ijro etilgan milliy laparlar, kuy-qoʻshiqlar barchaga yuqori kayfiyat baxsh etdi.
Tadbirning badiiy qismidan Angren madaniyat saroyi xushovoz xonandalari hamda “Hayot” namunali bolalar raqs dastasi raqqoslarining chiqishlari oʻrin oldi.
Bayram saylida “Armrestling” sport musobaqasi oʻtkazildi. Unda ham jismonan, ham ruhan chiniqqan ishchi-xodimlar oʻzaro bellashishdi. Murosasiz kechgan bahsda kuchlilar saralandi.