Xalq konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida xalqimizning demokratiya g‘oyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlarga sodiqligi ifoda etilgan. Ijtimoiy adolat tamoyili mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.
Konstitutsiyamizning yangi tahririda ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratish, aholi farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yana-da yuksaltirish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirishga muhim ahamiyat qaratilgan. Yangi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom maʼnoda xalqimiz xohish irodasining ifodasi-haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.
Bugun “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XKda Respublika “Maʼnaviyat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda Angren shahar hokimligining bir guruh faollari hamda masʼullari ishtirokida “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari” mavzusida maʼnaviyat festivali tashkil etildi. Unda Angren shahar hokimi Alisher Rayimov hamda bir guruh sanʼatkorlar va shoirlardan tarkib topgan maʼnaviyat targ‘ibotchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni korxona bosh direktori G‘ulomjon Ibragimov ochib berdi. Shundan so‘ng tashrif buyurgan mehmonlar so‘zga chiqib, Konstitutsimizga kiritilayotgan o‘zgarishlar va ularning ahamiyati, xalqimiz va jamiyatimiz hayotida tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tishdi.
-Har qanday Konstitutsiya hayotiy bo‘lishi lozim, yaʼni u mamlakatning ijtimoiy va huquqiy voqeliklariga, xalqning orzu-umidlari va kelajak istiqboliga, xususan, zamon talabiga mos kelishi kerak, - deydi shoir Salim Ashurov.
Shuningdek, tadbir davomida el ardog‘idagi sanʼatkorlar, shoir-yozuvchilar o‘z ijod namunalari bilan korxona ishchi-xodimlariga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etishdi.