Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosib nishonlandi

8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami butun dunyoda ayollarga ehtirom, hurmat va e’zoz ko‘rsatish ramzi sifatida keng nishonlanadi.

”Birinchi rezinotexnika zavodi“ MChJ XKda ham nafosat bayrami munosib nishonlandi. Erta tongdan orkestr sadolari ostida korxonada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar tantanali ravishda kutib olindi. Sho‘x musiqa sadolari ularga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Sho‘x kuy-sadolar korxona ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan bayram tantanalariga ulanib ketdi. Bayram tantanasini korxonaning bosh direktori G‘ulomjon Ibragimov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Tabrik davomida barcha ayol ishchi-xodimlarga samimiy tilaklar bildirildi. Shuningdek, tadbir davomida korxonada samarali faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni e’zozlash maqsadida namunali kasbiy mahorati bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan bir guruh ayollar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bayram arafasida o‘tkazilgan ”Zakovat“ intellektual turnirida g‘olib bo‘lgan ”Nastarin“ terma jamoasi a’zolari hamda stol tennisi musobaqasi g‘olibi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Angren madaniyat saroyi san’atkorlari tomonidan taqdim etilgan bayram dasturi va ijro etilgan sho‘x kuy-qo‘shiqlar barcha bayram qatnashchilariga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Quvonarlisi, to‘kin dasturxon atrofidagi diltortar suhbatlar tafti kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushgan opa-singillarimizning quvonchiga sabab bo‘ldi. Bayram sovg‘asi sifatida taqdim etilgan bahoriy guldastalarni munis ayollarimiz mamnuniyat bilan qabul qilishdi.

Bu kabi o‘tkazilayotgan bayramlar korxonamizda xotin-qizlarga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech