Maktab o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi
Joriy yilning 10-may kuni “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XKda korxona Kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida korxonada reja asosida korxona va taʼlim muassasalari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, “Ochiq eshiklar kuni”ni o‘tkazish, mehnat faoliyatiga tayyorlash hamda yoshlarni ishlab chiqarish sharoitlari bilan tanishtirish maqsadida Angren shahar Xalq taʼlimi bo‘limiga qarashli 15-umumtaʼlim maktabining 9-sinf o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Dastlab o‘quvchilar korxona muzeyida bo‘lib, korxona tarixi, faoliyati va xavfsizlik qoidalari, ichki tartib-qoidalar bilan korxona mehnat muhofazasi sanoat havfsizligi yetakchi muhandisi Saymursaliyev Orifxon tomonidan tanishtirildi. Shuningdek, ular korxonaning maʼnaviyat va maʼrifat xonasida bo‘lishdi. Unda korxona ichki kommunikatsiya, maʼnaviy-maʼrifiy va yoshlar ishlari guruh rahbari B.Mamatov tomonidan o‘quvchilarga korxona yutuqlari, olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning “Harakatlar strategiyasi” elektron kitobi to‘g‘risida tushuncha berildi.
Shundan so‘ng, o‘quvchilar korxonaning ishlab chiqarish sexlari tomon biriktirilgan mutaxassislar bilan birga olib borildi. Bunda mutaxassislar tomonidan o‘quvchilar korxonada ishlab chiqarish jarayoni, pog‘onalari hamda sharoitlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlari bilan batafsil tanishtirildilar.
“Ochiq eshiklar kuni”da maktab o‘quvchilari korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, ijobiy taassurotlar bilan qaytishdi.