"Mahalla obodligi — yurt farovonligi"
30 aprel kuni O'zbekistonda "Mahalla obodligi — yurt farovonligi" umumxalq xayriya hashari bo'lib o'tdi.
Hashar o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyish “sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida” Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan.
Hashar tashabbuskorlari “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari, mahalla va keksa avlodni qo‘llab-quvvatlash, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Yoshlar masalalari agentligi, mahalliy hokimliklar va keng jamoatchilik vakillari bo‘ldi.
O‘tgan umumxalq hasharida “Birinchi rezinotexnika zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi faol ishtirok etdi.
Uchastkalar, sexlar va bo‘linmalar ishchilari (350 dan ortiq kishi) hasharda ishtirok etishdi. Ariqlar tozalandi, daraxtlar va bordyurlar oqlandi, daraxt va butalarga shakl berildi. Shuningdek, "Yashil makon" loyihasi doirasida zavod xodimlari tomonidan ilgari ekilgan daraxtlar, butalar o'gitlantirilib, rayhon, qovun, tarvuz va turli xil manzarali o'simliklar ekildi.
Bahor faslida zavod hududining yanada musaffo, obod va ko'kalamzorlashishiga xayriya aksiyasining har bir ishtirokchisi o'z hissasini qo'shdi. Hashar natijalaridan barcha mamnun: atrof yanada go'zal va obod bo'ldi. Ahamiyatlisi, bunday ommaviy tadbirlar ishchilarning ekologik va umumiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.