Korxonam – faxrim mening!
Jasurbek Abdaliyev – Press formalarga xizmat ko'rsatish uchastkasi boshlig'i:
Yurtimiz shu kunlarda bayram og'ushida. Mamlakatimiz hayotidagi unutilmas kun, mustaqillikka erishganimizga 31 yil to'lmoqda. Biz ham mustaqillik tengdoshlari Vatanimizning istiqloli bilan birga ulg'aydik, birga kelajak sari ildam qadam tashlab borayapmiz.
Ajdodlarimizning asriy orzusi bo'lgan mustaqil diyorda yashayotganligimiz bu bizning eng katta baxtimiz, eng katta omadimizdir. Men ham Baxtiyor insonlarimiz qatorida tinchlik-omonlikda yashayotganligimdan, katta bir korxonada ish faoliyatimni olib borayotganimdan bag'oyatda xursandman.
Bugungi kunda "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ avtomobil va qishloq xo'jaligi shinalari ishlab chiqarish bo'yicha butun respublikamizda va jahon bozorida o'z o'rniga ega korxonalardan biri sanaladi. Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xalqimiz xonadoniga kirib borayotgani, jahon miqyosida ham eng talabgir mahsulotlardan bo'layotganligi har bir xodim qalbida faxr-iftixor tuyg'usini uyg'otadi.
Men ushbu dargohda ish boshlaganimga 5 yil to'ldi. O'tgan vaqt mobaynida ustoz-xodimlarimizdan bilmaganlarimni o'rgandim, ish tajribam oshdi. Bilim tajribamni oshirish uchun Xitoy Xalq Respublikasida, shina ishlab chiqarish bo'yicha yetakchi Ling long kompaniyasida malaka oshirib qaytdim. Endilikda men ham ustozlarimiz yo'lini tutib, yangi ishga qabul qilingan yosh xodimlarga qo'limdan kelgancha ko'mak berib kelmoqdaman. Bir kun kelib ular ham yutuqlarga erishishsa o'zimni baxtli his etaman. Umuman ustoz-shogirdlik an'anasi asosida faoliyat olib borayotganligimiz barcha xodimlarimiz uchun foydali deb hisoblayman.
Men kelajagimni ushbu korxonadan ayro tarzda tasavvur eta olmayman. Maqsadlarim tomon esa olg'a harakat qilishdan aslo chekinmayman. Ot o'rnini toy bosar, deganlaridek, bir kun kelib farzandlarim ham ushbu korxonada faxr-iftixor bilan mehnat qilishlarini istayman. Zero, inson qadri ulug'langan maskanda mehnat qilish sharaflidir.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ – faxrim mening!