Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo'lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo'lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda yoshlar yetakchilari va ishchi-xodimlar ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so'z bordi.
Komplayens xizmati rahbari Doniyor Axmedov korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari xususida nutq so'zladi.
- Bugun har bir davlat xizmatchisi va huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari xodimlarining fe'l-atvoriga O'zbekiston Respublikasi qonunlariga bo'ysunish va ularni hurmat qilish odobini singdirib borish o'ta muhim vazifadir, - deydi D.Axmedov. - Mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, xodimlarimiz asta-sekinlik bilan bo'lsa-da, andishani chetga surgan holda o'z haq-huquqini tanishmoqda, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish zarurligini tushunib etishmoqda. Demak, shu kabi suhbatlarimiz besamar ketmayapti. Har birimiz qonun ustuvorligiga erishish yo'lida korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashaylik.
Shuningdek, tadbir davomida Bosh direktorning Davlat tili va ma'naviy-ma'rifiy ishlar masalalari bo'yicha maslahatchisi Baxtiyor Mamatov qabul qilinayotgan Prezidentimizning farmon va qarorlari mazmun-mohiyati, yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi Firdavs Matasimov esa mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ahamiyati va samaralari to'g'risida batafsil ma'lumot berib o'tishdi.
Tadbir yakunida ishchi-xodimlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.