Kishi uchun kitobdan azizroq va yoqimliroq suhbatdosh yo'qdir...
Kitob – umr yo'llarini yorituvchi so'nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, unga har qanday vaziyatda ham hamroh bo'luvchi sodiq do'st. Insonning ma'naviy kamolotini ta'minlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yo'q. Shu bois azal-azaldan ma'rifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob o'qishga, undan ilmu odob sirlarini o'rganishga chorlab kelishgan.
Darhaqiqat, kitob insonni yerdan ko'kka ko'taruvchi, uning ma'naviy quvvatini oshiruvchi buyuk kuchdir. U insoniyatning tarixiy xotirasi, ma'naviy-ma'rifiy olami, ilmiy zaminini mustahkamlovchi, kelajakni yorqin ko'rsatib borishga qodir mash'ala hisoblanadi.
Prezidentimizning "2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to'g'risida"gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda kitobxonlik va she'rxonlik tanlovi tashkil etildi. Unda barcha sex va bo'limlardan kitobsevar, she'riyatga ixlosi baland ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Kitobxonlik tanlovida Abdulla Qodiriy, O'tkir Hoshimov, Chingiz Aytmatov va Xudoyberdi To'xtaboyev asarlaridan savollar taqdim etildi. Ishtirokchilar savol-javoblarda qizg'in bahs-munozaraga kirishishdi. Savol-javoblar natijasiga ko'ra, sifat nazorati bo'limidan Mamataliyeva Jayrona g'olib deb topildi.
She'rxonlik tanlovi ham o'zgacha ruhda davom etdi. Ishtirokchilar tomonidan Abdulla Oripov, Mahmud Toir va Muhammad Yusuf ijodidan eng sara she'rlar yod olindi.
Baholash mezoniga ko'ra, yuqorida nomlari keltirilgan shoirlarning she'rlarini eng ifodali yod olgan ishtirokchi - Fizika-kimyo laboratoriyasi xodimi Xalbayeva Zumrad g'olib deb topildi.
Korxonamizda o'tkazilayotgan bu kabi tadbirlar Prezidentimiz qarori ijrosini ta'minlash hamda ishchi-xodimlarning madaniy hordiq olishlari, kitobga bo'lgan mehr-muhabbatini kuchaytirishga xizmat qiladi.