"Har nafasda faxr hissini tuyaman...”
Hamidov Farruh - Konveyer tasmalari ishlab chiqarish sexi kalandr mashinisti:
Ma'lumki, bu yil xalqimiz necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilib, intilib yashagan va XX asr so'nggida erishgan, mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma'nodagi buyuk, olamshumul voqea – O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e'lon qilinganiga 31 yil to'ladi.
Mustaqillik yillarida ko'p millatli O'zbekiston xalqi o'zining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi, og'ir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yo'lini bosib o'tdi.
Yurtimiz barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksalib borayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan do'stlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylandi.
Demokratik davlatning erkin fuqarosi sifatida bugun tinch va xotirjam yashayotganimiz, yaqinlarimiz, oila a'zolarimizning, farzandlarimizning xursandchilik bilan baxtiyor yashayotganligi biz uchun baxt.
Bugun men "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda faxr-iftixor bilan mehnat qilayotganligim mening baxtim deb hisoblayman. Shu yerda men qadr topdim, mehnatlarim samarasi esa bo'y ko'rsatmoqda. 5 yil davomida ish tajribam oshdi. Xitoy Xalq Respublikasida o'qib, malaka oshirib keldik. Olgan bilim va tajribalarimizni amaliyotga tatbiq etmoqdamiz.
Ustoz xodimlardan ko'p narsa o'rgandim. Ularning ko'magi bilan bugun men ham shogird darajasidan ustoz darajasiga, yangi ishga kelgan xodimlarga ish o'rgatadigan darajaga ko'tarildim. Bu esa menga o'zgacha faxr tuyg'usini beradi.
Xulosa qilib aytganda, "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ bilan kelgusi rejalarim va maqsadlarim chambarchas bog'liq. Shunday ekan, men shu korxonada faoliyat yuritayotgan baxtli yoshlardan ekanligimdan har nafasda faxr-iftixor hissini tuyaman.