Bugunim va kelajagim tutashgan sarhad...
Sunatilla Raimberdiyev – Sotuv bo'limi avtomobil shinalarni sotish bo'yicha etakchi mutaxassis:
Tarixdan ma'lumki, mamlakatimiz juda katta qiyinchiliklar, yo'qotishlar va ota-bobolarimizning mardonavor kurashlari evaziga mustaqillikka erishdi. Mard, jasur bobolarimizning asriy orzusi bo'lgan milliy suverenitet 1991-yilda amalga oshdi. Bugun men uchun "Mustaqillik" so'zi "Erkinlik", "Adolat", "Taraqqiyot" so'zlari bilan bir xil ma'no kasb etadi. Barcha sohalarda rivojlanish natijalari yaqqol namoyon bo'lmoqda, jumladan, mamlakatimizdagi shahar va qishloqlar qiyofasini tubdan o'zgartirish, aholi farovonligining muttasil o'sib borishini ta'minlash shular jumlasidandir. Mustaqillik – bizning buyuk boyligimiz. Uning asosi – erkin va farovon hayot, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik va farovonlikdir.
Mustaqil O'zbekistonning Baxtiyor farzandi ekanligim menga faxr va iftixor tuyg'usini bag'ishlaydi. Xalqimiz hayoti kundan kunga yaxshilanib borayotgani, yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi bo'y ko'rsatayotganidan juda ham shodman. O'zim misolimda aytadigan bo'lsam, men bugun katta jamoaga ega, nafaqat respublikamizda, balki MDH davlatlari orasida o'z o'rniga ega korxonada faoliyat yurityapman. "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda yaratilgan shart-sharoitlar, ishchi-xodimlar uchun har tomonlama qulay ish muhiti yaratilgani biz xodimlarni yanada shijoat bilan mehnat qilishga undaydi. Men ushbu korxonaga ishga kelganimga ikki yildan oshdi. O'tgan vaqt mobaynida o'z sohamning ustasi bo'lib yetishishimda ustoz-muhandislarning o'rni katta. Bugun ular bergan saboq, bilim va ish tajribasi menga as qotmoqda. Jamoa bo'lib ishlash, bir-biriga yordam ko'rsatish, xodimlar bilan xuddi o'z oila a'zolaring kabi yaqin, do'stona munosabatda bo'lish kabi insoniy fazilatlarni ushbu maskanda o'zlashtirdim. "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ chin ma'noda hayot yo'llarimni yoritguvchi mayoq bo'ldi. Men o'zimni, o'zligimni topgan jamoamdan minnatdorman. "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ – bugunim va kelajagimdir!