"BRZ"da eng ulug', eng aziz bayram – Mustaqillik bayrami nishonlandi
Jonajon Vatanimiz – O'zbekiston Respublikasi o'zining davlat mustaqilligini qo'lga kiritgani va mustaqil taraqqiyot yo'lini bosib o'tayotganiga 31 yil to'lmoqda. Istiqlol el-yurtimiz uchun o'z taqdirining haqiqiy egasi bo'lish, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Ayni paytda u har bir insonning iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda iste'dod va qobiliyatini to'la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro'yobga chiqarishning mustahkam zaminidir.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda "Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz!" bosh g'oyasi ostida nishonlanayotgan Mustaqillik bayrami munosib tantana qilindi.
Bayram tantanasini korxonaning bosh direktori G'ulomjon Ibragimov ochib berdi.
- Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni ko'ra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib o'tib, ushbu ulug' kunlarga yetib keldik, - deydi Bosh direktor G'ulomjon Ibragimov. - Shu nuqtai nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, g'urur va sha'nimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo'lib qoladi.
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so'z ketganda "Yangi O'zbekiston" iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e'tirofidir.
Shuningdek, tabrik davomida korxona faoliyatida erishilayotgan yutuqlar va kelajak rejalari, eng fidoyi xodimlar hamda bu yilgi o'quv yilida talaba bo'lgan yosh ishchi-xodimlar haqida ham alohida to'xtalib o'tildi.
Tadbirning asosiy qismida, barcha o'tkazilgan tanlov va sport musobaqalarining g'oliblari va nominatsiyalar bo'yicha aniqlangan korxonaning eng fidoyi, mehnatkash ishchi-xodimlariga pul mukofotlari, diplom, faxriy yorliqlar va tashakkurnomalar hamda qimmatbaho estalik sovg'alari topshirildi.
Shuningdek, "O'zkimyosanoat" AJ va tarmoq korxonalari o'rtasida o'tkazilgan "Zakovat" intellektual o'yinida faxrli 2 o'rinni egallagan yosh bilimdonlar jamoasi 25 million so'm hamda bir oylik maoshi miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Bayram tantanasi to'kin dasturxon atrofidagi dilkash suhbatlar va kuy-qo'shiqlarga ulanib ketdi.