“BRZ”da axborot xizmati xodimlari uchun press-tur tashkil etildi
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda Toshkent viloyati va Angren shahar hokimliklari axborot xizmati xodimlari uchun press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ yiliga 100 ming pogon metr konveyer lentalari, 200 ming dona qishloq xoʻjaligi shinalari va 3 million dona avtomobil shinalari ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Bugungi kunda R12 dan R18 gacha boʻlgan avtomobil shinalarining 80 turdagi, qishloq xoʻjaligi shinalarining 3 turdagi oʻlchamli va mijozning maxsus buyurtmasiga koʻra kengligi 450 mmdan 2000 mmgacha boʻlgan yuqori sifatli, rezinotrosli va rezinomatoli 110 turdan ortiq konveyer lentalarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ Markaziy Osiyodagi yagona avtomobil va qishloq xoʻjaligi shinalari va yirik konveyer lentalari ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Korxona xalqaro amaldagi standartlar va meʼyorlarga muvofiq yuqori sifatli va ishonchli “Bars”, “Samama”, “Eco Mobile”, “Contyre” brendlari asosida avtomobil shinalarini ishlab chiqarmoqda.
Hozirgi vaqtda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ mahsulotlari nafaqat mahalliy, balki xorijiy kompaniyalarda ham qiziqish uygʻotmoqda. Korxona jamoasi bir vaqtning oʻzida eksport uchun mahsulot yetkazib berish boʻyicha bir nechta biznes takliflarini koʻrib chiqmoqda. Yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya Federatsiyasi hamda qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda.
Press-tur qatnashchilari korxonaning ishlab chiqarish sexlarida tashkil etilgan “Maʼnaviyat burchaklari” bilan ham tanishdilar.
Taʼkidlash joizki, korxonada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samarasi bugungi kunda bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatli va ishonchli, kafolatli hamda hamyonbop narxda xaridorlarni jalb qilayotganligi bilan oʻz tasdigʻini topmoqda.