"Birinchi rezinotexnika zavodi" - orzularim ushalgan dargoh
Murtozaxon Mo'minjonov - Ishlab chiqarish texnologiya bo'limi boshlig'i:
Mustaqillik – davlat va millat tarixining alohida, muhim sahifasidir. Biz mustaqil mamlakatda yashayotganimizga 31 yil bo'ldi. Albatta, shu kunga yetib kelishimiz, mustaqillikka erishishimiz yo'li oson bo'lmagan. Ammo bugun har birimiz faxr bilan aytishimiz mumkinki, biz mustaqil, erkin va ozod Vatanda yashaymiz.
Mustaqillik yillarida O'zbekiston iqtisodiy rivojlanishda, aholining turmush darajasini yuksaltirishda, demokratiyaning mustahkam poydevorini yaratishda ajoyib yutuqlarga erishdi. Bugun mustaqil O'zbekiston yuksak sur'atlar bilan rivojlanib, oldinga intilmoqda. Bu Vatanimizning asosiy yutug'i.
Men mustaqillik tengdoshi sifatida "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda ish faoliyatimni olib borayotganimga 5 yil bo'ldi. Shu yillar davomida jamoada mehnat qilib o'z o'rnim, hurmatim va qadrimga ega bo'ldim. Ushbu qisqa davr davomida mustaqil davlatimizda hukumatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar sababli, 2017-yil rivojlangan mamlakatlar qatorida o'z reytingiga ega bo'lgan Xitoyning "LING LONG" va 2018-yil Rossiyaning "Kama TYRES" kompaniyalarida o'z kasbim bo'yicha malakamni oshirib, tegishli sertifikatlarga ega bo'ldim. Shuningdek, faoliyatim davomida 20 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlarni o'zlashtirishda ishtirok etib, bir qator mutaxassislar qatorida mualliflik xuquqini oldim, Prezidentimizning ilmni ishlab chiqarishga bog'lash tamoilining ijrosi sifatida korxonamiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan "Oliy ma'lumotli yoshlar kengashi" ga raislikka saylandim. Shu kabi erishgan yutuqlarim kasbiy faoliyatimdagi yorqin sahifalarimni bezab turibdi. Har doim rahbariyatimiz va ishchi-xodimlarimizning qo'llab-quvvatlovi va qaynoq mehrini his qilib ishlab kelayapman. Men bugun baralla ayta olaman: baxtli yoshlar safida bilim va salohiyatim, tajribamni ishga solib korxonamiz rivojiga o'z hissamni qo'shayapman.
Ozod yurtning mustaqil farzandi, jamiyatda o'z ovoziga ega kelajak yoshlaridan biri ekanligim menga faxr-iftixor tuyg'usini beradi. Ona shahrim Angrenning ravnaqi yo'lida "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda ish faoliyatimni olib borayotganimdan yaqinlarim, ota-onam va oila a'zolarim juda xursand. Ularning chin dilidan faxrlanishlarini ko'rib yanada shijoat bilan olg'a qadam tashlashdan aslo chekinmayman.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ – orzularim ushalgan dargoh. Kelajak rejalarim ham ushbu qadrdon korxona bilan chambarchas bog'liq. "Birinchi rezinotexnika zavodi" – mening oilam, mening jamoam!