"Birinchi rezinotexnika zavodi" – mening taqdirim, mening kelajagim!

   Elzod Tursunov - Sifat nazorati bo'limi boshlig'i   

   Mening ona Vatanim – bu O'zbekiston. Bu yil mustaqillikning 31 yillik tantanasi nishonlanadi. O'zbekiston – imkoniyatlar va istiqbollar mamlakati. Bularning barchasi men va tengdoshlarim uchun juda muhim. Men mustaqil O'zbekistonda tug'ilib o'sganimdan faxrlanaman. Yosh avlod uchun barcha eshiklar ochiq. Jonajon Vatanimizda kelajak rejalarimizni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilgan, tanlash va qaror qabul qilish erkinligi mavjud. Bugun O'zbekiston ishonch bilan taraqqiyotning yangi yo'lidan bormoqda. Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar birinchi navbatda xalq farovonligini ta'minlashga qaratilgan. Men umid qilaman va ishonamanki, mening tug'ilgan mustaqil O'zbekistonim yorqin kelajak sari ildam qadam tashlashda davom etadi.

    Men faoliyat yuritayotgan korxona bu – "Birinchi rezinotexnika zavodi". Men ushbu korxonada ish boshlaganimga qariyb olti yil bo'ldi. O'tgan vaqt mobaynida shaxsiy hayotimda va kasbiy faoliyatimda bir qator ijobiy o'zgarishlar yuz berdi. Xitoy Xalq Respublikasida korxonamizning eng mas'uliyatli yo'nalishi bo'lgan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini nazorat qilish bo'yicha tahsil oldim va xalqaro standartlar bo'yicha ish yuritishni o'rgandim. Bugungi kunda korxona rivojiga hissa qo'shib kelayotganim va erishayotgan yutuqlarimdan yaqinlarim, ota-onam, ahli ayolim, farzandlarim faxrlanishlari menga yanada shijoat bag'ishlaydi. Korxonamiz ravnaqi yo'lida shijoat bilan mehnat qilishga kuch bag'ishlaydi. Ota-onamning duosi va rahbariyatning qo'llab-quvvatlashi tufayli jamiyatda o'z o'rniga ega fuqaroman va tengdoshlarim orasida erishgan yutuqlarim bilan faxrlanaman.

    Yillar davomida korxonamiz tomonidan mening mehnatlarim munosib baholanib kelayotganligidan minnatdorman. Rahbariyatimizning bildirayotgan ishonchini oqlash hamda korxonamizni butun dunyoga tanitishda bor kuchim va salohiyatim bilan harakat qilaman.

    Bir so'z bilan aytganda, "Birinchi rezinotexnika zavodi" yutuqlarim debochasi bo'ldi, desam aslo mubolag'a bo'lmaydi. Men kelajagimni ushbu zavod timsolida ko'raman. Inson mehnati qadrlanadigan, yuksakka ko'tariladigan va albatta, mehnatlari munosib rag'batlantiriladigan, rahbariyati yoshlarni doim qo'llab-quvvatlashga tayyor zavodda ishlayotganim – mening baxtim. Bejizga Nihol bir joyda ko'karadi, deyishmaydi. Shunday ekan, "Birinchi rezinotexnika zavodi" – mening taqdirim, mening kelajagim! Orzularim ushaladigan va mehnatlarim qadr topadigan qadrdon maskandir!

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech