"Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda "Zo'ravonlikka qarshi 16 kun" aksiyasi doirasida tadbir o'tkazildi
Ma'lumki, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi "Oila va xotin-qizlarni tizimli qo'llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-87-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e'lon qilingan 25-noyabr xalqaro ayollarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish kuniga bag'ishlangan 25-noyabrdan 10-dekabrga qadar "Zo'ravonlikka qarshi 16 kun" turkum tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Xususan, "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda korxona kasaba uyushma qo'mitasi va Ma'naviyat-ma'rifat bo'limi hamda xotin-qizlar boshlang'ich tashkiloti bilan hamkorlikda "Zo'ravonlikka qarshi 16 kun" aksiyasi doirasida "Xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi ijtimoiy o'rni" mavzusida tadbir tashkil etildi.
Unda 9-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabning psixologi Fotima Toshkenboyeva va 15-maktab psixologi Umida Imanovalar hamda korxonaning xotin-qizlardan iborat ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda psixologlar tomonidan xotin-qizlarga zo'ravonlik tushunchasining mazmun-mohiyati va turlari, uning oldini olishning huquqiy asoslari bo'yicha keng tushunchalar berildi.
Tadbirda shuningdek, ishtirokchilar uchun psixologik o'yinlar tashkil etildi. Qizg'in bahs-munozaraga boy tarzda o'tkazilgan tadbirda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga psixologlar atroflicha javob qaytarishdi. Kelgusida ham shu kabi tadbirlar tashkil etish va hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.