“Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda Kasaba uyushmalari kuni nishonlandi
Prezidentimiz Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining sakkizinchi qurultoyida respublikamizda 11-noyabr sanasini Kasaba uyushmalari kuni deb belgilash taklifini bergan edi. Unga muvofiq 2020-yil 23-noyabrda “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi 648-sonli qonuniga muvofiq 11-noyabr Kasaba uyushmalari kuni etib belgilandi. Va bu 5,5 milliondan ortiq aʼzoga ega boʻlgan kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea sifatida tarixga muhrlandi.
Bugun “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda Kasaba uyushmalari kuni bayrami nishonlandi.
Bayram tantanasida korxonaning bosh direktori Gʻulomjon Inomovich Ibragimov hamda Kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Diyor Abdumalikovich Alimovlar tabrik bilan soʻzga chiqishdilar.
Vatanimiz oʻz taraqqiyotining yangi davrini bosib oʻtayotgan, inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash barcha sohalarda biz uchun bosh maqsadga aylanayotgan hozirgi kunda hayotning oʻzi kasaba uyushmalari oldiga ham ulkan vazifalarni qoʻymoqda. Bayram munosabati bilan “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ kasaba uyushmasi qoʻmitasining barcha aʼzolariga ishchi-xodimlar manfaati yoʻlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlari uchun minnatdorchiliklar bildirildi.
Tadbirning asosiy qismida, Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etayotgan, korxonaning ishlab chiqarishida, tayyor mahsulotlarni sotuvini tashkil etishda, eksport salohiyatini yuksaltirishda samarali mehnatlari va yutuqlari uchun, shu bilan bir qatorda, sport musobaqalari va “Zakovat” intellektual turniri gʻoliblari, kasaba uyushmasi hayotida faollik koʻrsatayotgan xodimlar diplom, tashakkurnomalar hamda qimmatbaho estalik sovgʻalari va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida barcha ishchi-xodimlar uchun toʻkin dasturxon yozilib, osh tarqatildi.