"Birinchi rezinotexnika zavodi" – bugunim va ertam, kelajagimdir!
Javohir Azizov – Reja-iqtisodiyot bo'limi boshlig'i:
O'tgan qisqa davr mobaynida jonajon O'zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yo'lini bosib o'tdi. Bu yil istiqlolga erishganimizga 31 yil to'ladi. Ushbu qisqa davr har bir o'zbekistonlik uchun, ham sinovli, ham faxr-iftixorga to'la yillar bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi. 7 yoshdan to 70 yoshga qadar vatandoshlarimiz ushbu ne'mat qadrini his etib yashashmoqda.
Ayni kunlarda bir haqiqatni katta g'urur va iftixor bilan aytish joizki, mard va matonatli xalqimiz birdam, erkin va ozod Vatanning baxtli fuqarolaridir. Shu jumladan, men ham!
Bugungi kunda "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda ish faoliyatimni olib bormoqdaman. Korxonam mening ikkinchi uyim, hamkasblarim esa oila a'zolarimdek qalbimga yaqin insonlardir. Bu yerda ish boshlaganimga 5 yil bo'ldi. O'tgan davr mobaynida men o'zimni qaytadan kashf etdim. Insoniy munosabatlar, fazilatlarni shu yerda ko'rdim. O'zimdan kattani akam, opam deb, kichikni ukam, singlim deb hurmat qilish, ular bilan do'stona munosabatda bo'lish, fikr almashish naqadar zavqli. Eng muhimi, jamoada o'zingni kerakli ekanligingni his qilib mehnat qilish bu katta baxt!
Ish faoliyatim mobaynida Xitoy Xalq Respublikasida o'qib, malaka oshirib qaytdim. Buning uchun davlatimizga, korxonamiz rahbariyatiga katta tashakkurimni bildiraman. Natijada bugun men kabi yoshlar hech kimdan, hech qaysi dunyo yoshlaridan kam bo'lmagan holda bor iqtidorimiz, bilim-tafakkurimizni ishga solib korxonamiz rivoji yo'lida mehnat qilayapmiz.
Mening yutuqlarimdan ota-onam, yaqinlarim juda xursand. Ularning duosi va yaxshi niyatlari meni har qadamda qo'llaydi. Axir har bir ota-ona uchun farzandining baxtu kamolini, yuksak marralarini ko'rishdan ortiq baxt bormi?! Baxtli yoshlar safida ota-onamga ana shunday quvonchni tuhfa etayotganimdan baxtiyorman.
Men korxonamizni qalbidaryo onaga o'xshataman. Onalar farzandiga qanchalar g'amxo'r va mehribon, har qanday vaziyatda ham qo'llashga tayyor, mehribon zot. Tom ma'noda mening nazarimda, "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ ham ana shunday ulug'vor maskan. Kichikdan to katta xodimlargacha har damda, har qadamda sevimli ishxonamizning "mehrini" his qilamiz.
"Birinchi rezinotexnika zavodi" – bugunim va ertam, kelajagimdir!