“Baxtiyor va tolei baland ayollar safi kengayaversin...”
Xudoykulova Muqaddas – “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJning Sifat nazorati boʻlimi muhandisi. Oʻz kasbining ustasi. Jamoada oʻz oʻrniga ega mutaxassis.
“Mikrofon ayollarda!” loyihasining bu galgi qahramoni Muqaddas opa 52 yoshida universitet talabasiga aylandi. 4 nafar farzandning onasi, 3 nevaraning sevimli buvijonisi boʻlgan qahramonimizning orzu-niyatlari yuksak.
Ilm olishning erta-kechi yoʻq, beshikdan to qabrgacha ilm izla, deydi dono xalqimiz. Xattoki, muqaddas kitobimiz Qurʼoni Karimda ham birinchi soʻz “iqroʻ”, yaʼni, “oʻqi” boʻlgan. Bugun hikoya qilmoqchi boʻlgan qahramonimiz ham ilm olishni ezgu maqsadlaridan biri deb biladi.
Muqaddas opa 52 yoshda. U Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq shahridagi filialiga, kimyo texnologiya boʻlimiga, imtiyoz asosida talabalikka qabul qilindi.
Oʻz vaqtida oilaviy sharoit tufayli oliy maʼlumotli boʻla olmagan, yillar davomida universitetda ilm olish fikridan voz kechmagan Muqaddas opaning bu yil orzusi amalga oshdi. Endi u ham farzandlari qatorida talabalik rutbasini yelkasiga oldi. Darvoqe, bugungi kunda opaning farzandlari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent xalqaro Vestminster universitetida tahsil olishadi. Ularning safiga endi jonkuyar onaning oʻzi ham qoʻshildi.
- Bugungi kunda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJda Sifat nazorati boʻlimida muhandis boʻlib ishlayman. Jamoamiz ahil, doim bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaymiz. Birimiz opa, birimiz aka, birimiz singil boʻlib hamjihatlikda ishlab kelayapmiz. Ishimiz judayam qiziqarli, va albatta masʼuliyatli ham. Vazifamiz ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalarining sifatini nazorat qilamiz. Xaridorlarga sifatli va chidamli, uzoq yillar beminnat xizmat qiladigan shinalarni yetkazib berishda bizning ham hissamiz borligidan quvonamiz.
Ishxonada boʻsh vaqtimizni unumli va mazmunli tashkil etish maqsadida maʼnaviyat xonasi va kutubxona tashkil etilgan. Oʻzimizning boʻlimda ham maʼnaviyat burchagi tashkil qilingan. Boʻsh vaqtimizda hamkasblar bilan birgalikda kitob mutolaa qilamiz, oʻqiganlarimiz yuzasidan fikr-mulohazalarimizni bildiramiz. Vaqti kelsa bahsga ham kirishamiz. Muhimi, hamkasblar orasida oʻzaro bir jamoa boʻlib harakat qilish lozim, degan anʼana shakllangan.
Asl kasbim oziq-ovqat texnologiyasi boʻyicha tahsil olganman. Taqdir ekan, rezina mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonada ish faoliyatimni davom ettirayapman. Shu sababli sohani oʻrganish, yanada bilim doiramni kengaytirish maqsadida Angren kimyo-texnologiya texnikumida oʻqidim.
Yoshlikdagi istak va havas doim oliy maʼlumotli boʻlishga undardi. Men bu niyatimdan qaytmadim. Xattoki tushlarimga ham talaba boʻlganim, ustoz-murabbiylarning maʼruzalari kirib chiqardi. Inson astoydil, chin yurakdan istasa, harakat qilsa, butun koinot uning istaklarini amalga oshirish uchun harakatlanadi, degan ibora naqadar rostligini amalda koʻrdim.
Avvalo, talaba boʻlishimda turmush oʻrtogʻimning qoʻllab-quvvatlashi va daldasi, farzandlarimning “sizning qoʻlingizdan keladi, biz sizga ishonamiz”, degan undovlari va ishonchlari sabab boʻldi, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Va albatta, qadrdon jamoamning ham xizmati katta. Ularning daldasi va koʻmagi bilan shu darajaga erishdim. Qudalarimning ham havas bilan qarashlari va qoʻllab-quvvatlashlari ham menga yanada kuch va gʻayrat berdi.
Bugun men mamnuniyat bilan ayta olamanki, baxtiyor ona, baxtli ayol, jamoada hurmatiga ega hamkasb, va albatta, jamiyatda oʻz oʻrniga ega shaxsman.
Istardimki, har kim, necha yosh boʻlishidan qatʼi nazar hayotda oʻz oʻrnini topsin, oʻqisin, oʻrgansin va albatta uqsin. Xotin-qizlarimiz ertangi kunga boʻlgan yuksak ishonchini soʻndirmasdan, faqat olgʻa qadam bosishsin. Baxtiyor va tolei baland ayollar safi kengayaversin.
Birni koʻrib shukr qil, birni koʻrib fikr qil, deyishadi. 52 yoshida ilm olishdan toʻxtamayotgan Muqaddas Xudoykulovadan yoshlarning ham, kattalarning ham oʻrganadiganlari koʻp, nazarimizda.